YATT yoki MChJ? Qaybirini tanlash to‘g‘ri?
Har bir bo‘lajak tadbirkor o‘z faoliyatini boshlashdan avval hal qilishi kerak bo‘lgan birinchi va eng muhim masala — bu biznesning yuridik shaklini to‘g‘ri tanlashdir. “Yakka tartibdagi tadbirkor” (YATT) bo‘lib ishlash qulaymi yoki “Mas’uliyati cheklangan jamiyat” (MChJ) ochish afzalmi?
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Prezidentimizning so‘nggi farmonlari va 2026-yildan kutilayotgan yangi soliq islohotlariga asoslangan holda har ikki shaklning yutuq va kamchiliklarini tahlil qilamiz.
1. Huquqiy maqom va javobgarlik: Asosiy farq nimada?
Eng birinchi tushunish kerak bo‘lgan narsa — bu javobgarlik masalasidir.
YATT (Yakka Tartibdagi Tadbirkor): Siz biznesda jismoniy shaxs sifatida qatnashasiz.
Javobgarlik: Siz biznesingizdagi har qanday qarz yoki majburiyat uchun o‘z shaxsiy mol-mulkingiz bilan to‘liq javobgar hisoblanasiz. Agar biznes bankrot bo‘lsa, sud orqali shaxsiy avtomobilingiz yoki uyingiz qarzni qoplashga yo‘naltirilishi mumkin.
Sheriklik: YATT faqat bir kishi nomiga ochiladi. Uni do‘stlar yoki investorlar bilan yuridik jihatdan “teng sherik” bo‘lib ochish imkonsiz.
MChJ (Mas’uliyati Cheklangan Jamiyat): Bu alohida yuridik shaxsdir.
Javobgarlik: Ta’sischilar (siz va sheriklaringiz) biznes qarzlari uchun shaxsiy mulklari bilan javob bermaydilar. Javobgarlik faqatgina firma hisobidagi mablag‘ va ustav fondiga kiritilgan ulush bilan cheklanadi.
Sheriklik: MChJni 1 tadan 50 tagacha ta’sischi bilan birgalikda ochish mumkin.
2. Faoliyat turlaridagi cheklovlar
Hamma biznesni ham YATT sifatida yuritib bo‘lmaydi.
- YATT: Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan maxsus ro‘yxatdagi 88 turdagi faoliyat bilangina shug‘ullana oladi. Masalan, chakana savdo, maishiy xizmatlar, hunarmandchilik. Ammo qurilish, spirtli ichimliklar savdosi yoki dori ishlab chiqarish kabi sohalar YATT uchun taqiqlangan.
- MChJ: Qonun bilan taqiqlanmagan deyarli barcha faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin (litsenziya talab etiladigan sohalar bundan mustasno).
3. Pul mablag‘larini tasarruf etish (Kassa va dividend)
Ko‘pchilik tadbirkorlarni qiziqtiradigan “og‘riqli” nuqta — topilgan pulni qanday olish mumkin?
- YATT: Tushgan foyda — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizning pulingiz. Soliqlarni to‘laganingizdan so‘ng, hisob-raqamdagi qolgan mablag‘ni istalgan vaqtda shaxsiy kartangizga o‘tkazib, ehtiyojlaringizga ishlatishingiz mumkin. Buning uchun qo‘shimcha soliq to‘lanmaydi.
- MChJ: Firma hisobidagi pul — bu sizniki emas, balki korxonaniki. Uni shunchaki cho‘ntakka solib ketish mumkin emas. Pulni qonuniy olishning ikki yo‘li bor:
- Oylik maosh: O‘zingizga direktor sifatida oylik yozasiz (bunda 12% daromad solig‘i ushlanadi).
- Dividend: Korxona foydasidan ulush olasiz (bunda 5% dividend solig‘i to‘lanadi va odatda har chorakda taqsimlanadi).
4. Soliqlar va majburiy to‘lovlar:
A) Yakka Tartibdagi Tadbirkor (YaTT) uchun:
Hozirgi kunda YaTTlar aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lsa biznes faoliyatidan kelib chiqib qat’iy belgilangan soliq, 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lsa — 4% aylanma solig‘i to‘laydi.
YANGILIK: 12.08.2025-yildagi 247-sonli Prezident Qaroriga ko‘ra 2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan barcha YATTlar uchun yagona va soddalashtirilgan tartib joriy etiladi:
- Yagona soliq stavkasi: Aylanmadan qat’i nazar faqat 1% soliq to‘lanadi. Hozirgi 4% lik stavka va qat’iy soliqlar bekor qilinadi.
- Xodimlar uchun to‘lov:
Agar YATT xodim yollasa (maksimum 5 nafargacha), har bir xodim uchun oyiga 378 ming so‘m majburiy sug‘urta to‘lovi ham mavjud.
B) Mas’uliyati Cheklangan Jamiyat (MChJ) uchun:
- Aylanmadan olinadigan soliq: Yillik tushumi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lsa — 4%.
- QQS va Foyda solig‘i: Tushum 1 mlrd so‘mdan oshsa yoki ixtiyoriy o‘tilsa korxona avtomatik 12% QQS va 15% foyda solig‘i to‘lovchsiga aylanadi.
- Xodimlar uchun to‘lov: MChJ har bir rasmiy xodimi uchun uning oylik maoshidan 12% ijtimoiy soliq to‘laydi (lekin bunda majburiy sug‘urta badali to‘lanmaydi, chunki u 2019-yildan bekor qilingan va ijtimoiy soliq tarkibiga kiritilgan).
5. Xulosa: Qaysi birini tanlash kerak?
Agar siz:
- Biznesni yakka o‘zingiz boshlayotgan bo‘lsangiz;
- Chakana savdo yoki xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullansangiz;
- Pulni kassadan erkin olish siz uchun muhim bo‘lsa;
- Yillik aylanmangiz 1 mlrd so‘mdan oshmasligini taxmin qilsangiz — YATT eng maqbul tanlovdir. Ayniqsa, 2026-yildan 1% lik soliq rejimi bu shaklni yanada jozibador qiladi.
Agar siz:
- Sheriklar bilan ish boshlayotgan bo‘lsangiz;
- Ishlab chiqarish, ulgurji savdo yoki litsenziyalanadigan faoliyat rejalashtirayotgan bo‘lsangiz;
- Kelajakda biznesni sotish yoki investitsiya jalb qilishni istasangiz;
- Katta korporativ mijozlar (B2B) bilan ishlashni maqsad qilgan bo‘lsangiz — MChJ ochishni tavsiya qilamiz.
Eslatma: Har qanday biznes shaklida buxgalteriya hisobini to‘g‘ri yuritish — xotirjamligingiz garovidir. Murakkab hisob-kitoblarni AIBA kabi zamonaviy raqamli yechimlar orqali avtomatlashtirishni unutmang.
Ushbu maqola 2025-yildagi qonunchilik hujjatlari asosida tayyorlandi. Soliq stavkalari va qonunlar o‘zgarishi mumkin, shu sababli har doim so‘nggi rasmiy manbalarni tekshirish tavsiya etiladi.