Biznesda naqd pul uzulishi: Kelib chiqish sabablari va bartaraf etish mexanizmlari

Biznesda naqd pul uzulishi: Kelib chiqish sabablari va bartaraf etish mexanizmlari

Zamonaviy biznes boshqaruvida ko‘pincha moliyaviy muvaffaqiyatning asosiy ko‘rsatkichi sifatida sof foyda (net profit) e’tirof etiladi. Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, yuqori rentabellikka ega korxonalar ham inqirozga uchrashi mumkin. Buning asosiy sababi – to‘lov qobiliyatining vaqtincha yo‘qolishi yoki professional tilda aytganda, **naqd pul uzilishi holatidir.

Ushbu maqolada naqd pul uzilishining iqtisodiy mohiyati, uning yuzaga kelish omillari hamda korxona likvidligini ta’minlashning strategik usullari ko‘rib chiqiladi.

Muammoning mohiyati: "Naqd pul uzulishi" nima?

Naqd pul uzilishi – bu korxona hisobidan xomashyo yoki tovarlar uchun mablag‘ chiqib ketgan sana va tayyor mahsulot sotuvidan tushum kelib tushgan sana oralig‘idagi vaqt tafovutidir.

Soddaroq qilib aytganda, bu biznesning "o‘z mablag‘larisiz" qoladigan davri hisoblanadi. Garchi buxgalteriya balansida kompaniya foyda bilan ishlayotgan bo‘lsa-da, hisob raqamda joriy majburiyatlarni (ijara, ish haqi, soliqlar) qoplash uchun erkin mablag‘larning mavjud bo‘lmasligi texnik bankrotlik xavfini tug‘diradi.

Bu holat quyidagi formula orqali ifodalanadigan **Naqd pul aylanish davri ning bevosita natijasidir:

Naqd pul uzilishi = (Zaxiralarning aylanish davri + Debitor qarzdorlikni undirish davri) – Kreditor qarzdorlikni to‘lash davri

Naqd pul uzulishi kichik tadbirkor misolida

Jarayon Kun Naqd Qisqa izoh

Xomashyo sotib olish 1-kun -600 000 so‘m Un, tuxum, qaymoq uchun pul darhol chiqadi.
Tayyorlash 2-3-kun 0 so‘m Ish davom etadi, lekin pul hali qaytmaydi.
Tort topshirildi (to‘lov kechiktirilgan) 4-7-kun 0 so‘m Mijoz “8-kuni to‘layman” deydi.
Mijoz to‘lov qildi 8-kun +900 000 so‘m Tushum keladi (undan foyda ham shakllanadi). Izoh : 1-kuni 600 000 so‘m chiqib ketdi, lekin pul 8-kuni qaytdi, ya’ni 7 kun davomida ustaxona o‘z xarajatlarini aylanmadan qoplashga majbur bo‘ladi.
Agar shu 7 kun ichida ijara, ish haqi yoki boshqa to‘lovlar yig‘ilib qolsa, sotuv bor bo‘lsa ham hisobda pul yetishmasligi mumkin.

Blog Rasm

Yuzaga kelish omillari

Tahlillarga ko‘ra, naqd pul taqchilligi asosan uchta operatsion jarayondagi nomutanosiblik tufayli yuzaga keladi:

  1. Debitor qarzdorlik siyosati: Mijozlarga to‘lovni kechiktirish imkoniyati (nasiya savdo) berilishi savdo hajmini oshirishi mumkin, ammo bu mablag‘larning uzoq muddatga muzlab qolishiga olib keladi.

  2. Samarasiz zaxiralar boshqaruvi: Omborda haddan tashqari ko‘p xomashyo yoki tayyor mahsulot saqlash aylanma mablag‘larning band bo‘lishini anglatadi. Sotilmayotgan tovar – bu harakatsiz kapitaldir.

  3. Kreditorlar bilan munosabatlar: Yetkazib beruvchilarga to‘lovni juda erta amalga oshirish, hali daromad keltirmagan mahsulot uchun korxona mablag‘larini sarflash demakdir.

Bartaraf etish va oldini olish strategiyalari

Naqd pul uzilishini to‘liq yo‘q qilish qiyin bo‘lsa-da, uni boshqarish va minimallashtirish imkoniyati mavjud. Buning uchun quyidagi kompleks yondashuv talab etiladi:

1. Moliyaviy rejalashtirish va prognozlash

Biznesdagi eng katta xato – faqat joriy hisob holatiga qarab ish yuritishdir. Samarali boshqaruv To‘lov taqvimi (Payment Calendar) va Cash Flow (Pul oqimi) prognozlarini talab qiladi.
Rahbar kamida keyingi 3 oy (kvartal) uchun kutilayotgan kirim va chiqimlarni aniq rejalashtirishi lozim. Bu kutilayotgan "kassa uzilishi"ni oldindan ko‘rish va unga tayyorgarlik ko‘rish (masalan, xarajatlarni optimallashtirish yoki qisqa muddatli moliyalashtirishni jalb qilish) imkonini beradi.

2. Debitor va kreditor qarzdorlik muddatlarini muvofiqlashtirish

Ideal moliyaviy modelda mijozlardan pul tushish muddati yetkazib beruvchilarga to‘lov muddatidan qisqa bo‘lishi kerak.

  • Mijozlar bilan: Iloji boricha oldindan to‘lov (avans) tizimini joriy etish yoki to‘lovni tezroq amalga oshirganlik uchun chegirmalar taklif qilish maqsadga muvofiq.

  • Yetkazib beruvchilar bilan: To‘lov muddatini uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borish lozim. Agar tovar 30 kunda sotilsa, xomashyo uchun to‘lovni ham kamida 30-kunga belgilash likvidlikni saqlab qoladi.

3. Zaxiralarni optimallashtirish

Ombor qoldiqlarini doimiy tahlil qilish va "Just-in-Time" (o‘z vaqtida yetkazib berish) tamoyilini qo‘llash aylanma mablag‘larni bo‘shatishga yordam beradi. Past aylanuvchanlikka ega tovarlarni chegirma bilan bo‘lsa-da sotish, ularni omborda saqlashdan ko‘ra foydaliroqdir, chunki bu bugungi kunda zarur bo‘lgan naqd pulni ta’minlaydi.

4. Moliyaviy xavfsizlik yostiqchasi va instrumentlar

Har qanday biznesda fors-major holatlari uchun Zaxira fondi shakllantirilgan bo‘lishi shart. Ekspertlar kamida 3 oylik operatsion xarajatlarni qoplaydigan miqdorda zaxira saqlashni tavsiya etadilar. Aytaylik oylik operatsion xarajatlar 20 million so‘m, demak zaxirada 60 million so‘m turishi kerak.

Xulosa

Naqd pul uzilishi – bu biznesning noto‘g‘ri tuzilganligidan emas, balki aylanma mablag‘lar boshqaruvidagi e’tiborsizlikdan darak beruvchi signadir. Barqaror rivojlanishni maqsad qilgan tadbirkorlar uchun nafaqat sotuv hajmini oshirish, balki moliyaviy sikllarni to‘g‘ri muvofiqlashtirish ham strategik ahamiyatga ega.

Unutmang, korxonaning yashovchanligi uning qog‘ozdagi foydasi bilan emas, balki majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish qobiliyati (likvidligi) bilan o‘lchanadi.